Maxfiylik siyosati
ZoomixHuquqiy hujjat
UZRUEN
Kirish

Huquqiy hujjat

Maxfiylik siyosati

Kuchga kirgan sana: 28-noyabr, 2026Versiya 2.0

Ushbu siyosat Zoomix xizmatidan (zoomix.uz sayti, boshqaruv paneli, AI yordamchi va tashqi AI ilovalar uchun ulanish) foydalanganda ma'lumotlar qanday to'planishi, ishlatilishi, saqlanishi va uzatilishini belgilaydi. Siyosat Foydalanish shartlarining ajralmas qismi hisoblanadi.

Saytga kirish, ro'yxatdan o'tish yoki xizmatdan boshqacha foydalanish orqali siz ushbu siyosatni to'liq qabul qilasiz va ma'lumotlaringiz shu yerda yozilgan tartibda, jumladan boshqa davlatlarga uzatilgan holda qayta ishlanishiga rozilik berasiz. Rozi bo'lmasangiz, xizmatdan foydalanmang.

Mundarija
  1. 1. Operator va qo'llanish doirasi
  2. 2. Qanday ma'lumotlarni to'playmiz
  3. 3. Ma'lumotlardan qanday maqsadda foydalanamiz
  4. 4. Qayta ishlashning huquqiy asoslari
  5. 5. AI yordamchi, AI provayderlari va AI ilovalar ulanishi
  6. 6. Anonimlashtirilgan va umumlashtirilgan ma'lumotlar
  7. 7. Ma'lumotlarni kimga uzatamiz
  8. 8. Saqlash joyi va transchegaraviy uzatish
  9. 9. Saqlash muddati
  10. 10. Sizning huquqlaringiz
  11. 11. Xavfsizlik
  12. 12. Cookie va brauzer xotirasi
  13. 13. Siz kiritadigan boshqa shaxslar ma'lumotlari
  14. 14. Javobgarlikni cheklash
  15. 15. Yosh chegarasi
  16. 16. Siyosatga o'zgartirishlar

1Operator va qo'llanish doirasi

Ma'lumotlar operatori — Zoomix jamoasi (aloqa ma'lumotlari sahifa oxirida). Matnda «biz» deb operator, «siz» deb xizmatdan foydalanuvchi shaxs nazarda tutiladi.

Zoomix — mustaqil xizmat: u Uzum Market'ning rasmiy xizmati emas va Uzum bilan bog'liq kompaniya emas. Uzum, sun'iy intellekt provayderlari, SMS va boshqa uchinchi tomon servislari hamda siz ulagan AI ilovalar ma'lumotlarni o'z siyosatlari bo'yicha qayta ishlaydi; ularning harakatlari uchun biz javob bermaymiz.

2Qanday ma'lumotlarni to'playmiz

Akkaunt ma'lumotlari:

  • ism, familiya va telefon raqami (login sifatida ishlatiladi va SMS kod bilan tasdiqlanishi mumkin);
  • parol — faqat qaytarib bo'lmaydigan xesh ko'rinishida;
  • tarif, obuna muddati, balans, balans harakatlari va to'lovlar tarixi.

Uzum Market bilan bog'liq ma'lumotlar:

  • siz kiritgan Uzum Seller API tokeni — shifrlangan holda saqlanadi, ekranda faqat yashirilgan qismi ko'rsatiladi;
  • token orqali Uzum'dan olinadigan ma'lumotlar: do'konlar, tovarlar, narxlar, qoldiqlar, buyurtmalar va moliyaviy ko'rsatkichlar, Uzum xarajatlari, nakladnoylar, qaytarishlar, FBS buyurtmalari va ta'minotlari, Boost reklama kampaniyalari. Uzum javobi asl ko'rinishida ham saqlanishi mumkin; agar unda xaridor ma'lumotlari bo'lsa, ular shu javobning bir qismi sifatida saqlanadi.

Siz kiritadigan ma'lumotlar: xarajatlar, ish haqi (xodimlar ismi, telefoni, lavozimi va ish haqi shartlari), ombor yozuvlari, unit-ekonomika va boshqa sozlamalar, infografika uchun tovar rasmlari va matnlari, AI yordamchiga yozgan xabarlaringiz va suhbatlar tarixi, qo'llab-quvvatlash bilan yozishmalar.

Slot olish xizmati: do'kon, nakladnoy, ombor va sanalar bo'yicha so'rovlaringiz, qidiruv jarayoni, natijalar va yechilgan summalar.

AI ilovalar ulanishi: qaysi ilova ulangani, siz bergan ruxsatlar, ulanish tokenlari (xesh ko'rinishida), ulanish va oxirgi foydalanish vaqti.

Texnik ma'lumotlar: IP-manzil, brauzer va qurilma ma'lumoti (user-agent), kirish va amallar vaqti, xatolik yozuvlari, akkauntdagi muhim amallar jurnali, captcha tekshiruvi natijasi.

Kuryer orqali yetkazib berish xizmati, agar foydalansangiz: olib ketish manzili va xaritadagi nuqtasi, aloqa telefoni, topshirish suratlari; kuryerlar uchun — ism, transport, davlat raqami va ish vaqtidagi joylashuv (GPS).

Onlayn to'lov tizimi ulanmagan va biz karta ma'lumotlarini kiritishni so'ramaymiz. Balans kartaga o'tkazma bilan to'ldiriladi: siz Telegram orqali yuborgan to'lov chekidagi ma'lumotlar (to'lovchi, summa, sana) to'lovni tasdiqlash uchun ishlatiladi.

3Ma'lumotlardan qanday maqsadda foydalanamiz

  • akkaunt yaratish, kirish va sessiyani himoya qilish;
  • Uzum'dan ma'lumotlarni sinxronlash, savdo, sof foyda, qoldiq va boshqa hisob-kitoblarni ko'rsatish;
  • siz yoki siz ulagan AI ilova so'ragan amallarni bajarish: slot olish, FBS, Boost, infografika, AI javoblari va boshqalar;
  • tarif, balans va to'lovlarni yuritish;
  • xavfsizlik: firibgarlik, ruxsatsiz kirish va suiiste'molni aniqlash, oldini olish va cheklash;
  • qo'llab-quvvatlash, xatolarni topish va tuzatish;
  • xizmatni yaxshilash, yangi funksiyalar yaratish va statistik tahlil;
  • xizmat bo'yicha xabarlar yuborish (panel, SMS, email);
  • qonun talablarini bajarish, nizolarni hal qilish va huquqlarimizni himoya qilish.

4Qayta ishlashning huquqiy asoslari

Ma'lumotlaringizni quyidagi asoslarda qayta ishlaymiz: xizmatdan foydalanish orqali bergan roziligingiz; Foydalanish shartlarini bajarish; qonun talablari; operatorning qonuniy manfaatlari (xavfsizlik, firibgarlikka qarshi kurash, huquqlarni himoya qilish).

Rozilikni qaytarib olish xizmatdan foydalanishni to'xtatish va akkauntni o'chirishni so'rash orqali amalga oshiriladi — rozilisiz xizmat ko'rsatib bo'lmaydi. Rozilikni qaytarish undan oldingi qayta ishlashga va «Saqlash muddati» bo'limida aytilgan saqlanadigan yozuvlarga ta'sir qilmaydi.

5AI yordamchi, AI provayderlari va AI ilovalar ulanishi

AI yordamchi va infografika — ixtiyoriy funksiyalar. Ulardan foydalansangiz, so'rovni bajarish uchun ma'lumot tashqi sun'iy intellekt provayderiga yuboriladi:

  • chat: xabaringiz, suhbat tarixi va javob uchun kerakli kontekst — ismingiz, telefon raqamingiz, tarifingiz, tanlangan davr uchun do'konlar, ko'rsatkichlar, tovarlar, nakladnoylar, qaytarishlar, xarajatlar va so'rovga qarab xodimlar ma'lumotlari. Provayder — DeepSeek (Xitoy Xalq Respublikasi), sozlamaga qarab OpenAI (AQSh);
  • infografika: yuklagan tovar rasmlaringiz va matnlaringiz OpenAI'ga (AQSh) Finlyandiyadagi oraliq serverimiz orqali yuboriladi.

AI ilovalarni ulash. «AI ulanish» bo'limida Claude, ChatGPT kabi tashqi AI ilovani ulasangiz, u siz bergan ruxsatlar doirasida akkauntingiz ma'lumotlarini oladi, ruxsatga qarab ma'lumotlarni o'zgartirishi va pullik amallarni (sizning tasdig'ingiz bilan) bajarishi mumkin. Ilovaga yuborilgan ma'lumot o'sha ilova provayderi siyosati bo'yicha qayta ishlanadi. Ulanishni panelda istalgan vaqtda bekor qilasiz. Ilova sizning ruxsatingiz bilan bajargan amallar siz bajargan amal hisoblanadi.

AI javoblari xato yoki to'liq bo'lmasligi mumkin va moliyaviy, soliq yoki yuridik maslahat hisoblanmaydi. AI yordamchiga parol, karta raqami va boshqa maxfiy ma'lumotlarni yozmang.

6Anonimlashtirilgan va umumlashtirilgan ma'lumotlar

Biz ma'lumotlardan sizni yoki do'koningizni aniqlab bo'lmaydigan anonim va umumlashtirilgan statistikani (masalan, toifalar bo'yicha o'rtacha komissiya, mavsumiy talab, xizmatdan foydalanish ko'rsatkichlari) tayyorlashimiz mumkin.

Bunday statistika shaxsga doir ma'lumot hisoblanmaydi. Undan har qanday maqsadda, jumladan xizmatni yaxshilash, tahlil va ommaviy materiallar uchun muddatsiz foydalanish huquqini saqlab qolamiz. Ismingiz, do'kon nomi yoki aniq raqamlaringiz bunday materiallarda roziligingizsiz oshkor qilinmaydi.

7Ma'lumotlarni kimga uzatamiz

Biz shaxsga doir ma'lumotlarni sotmaymiz. Ma'lumot quyidagilarga, xizmat ko'rsatish uchun zarur hajmda uzatiladi:

  • Uzum Market — tokeningiz orqali do'koningiz ma'lumotlarini olish va siz so'ragan amallarni bajarish uchun;
  • AI provayderlari — yuqoridagi bo'limda yozilgan hajmda; siz ulagan AI ilovalar — siz bergan ruxsatlar doirasida;
  • SMS provayderi (Eskiz, O'zbekiston) — telefon raqamingiz va tasdiqlash kodi matni;
  • email provayderi — biz bilan email orqali yozishganingizda manzil va xat matni;
  • infratuzilma provayderlari — serverlar, DNS (Cloudflare) va oraliq serverlar;
  • davlat organlari — qonunda belgilangan asos va tartibda;
  • xizmat yoki biznes boshqa shaxsga o'tkazilsa yoki qayta tashkil etilsa — huquqiy vorisga;
  • boshqa hollarda — roziligingiz bilan.

Zoomix administratorlari qo'llab-quvvatlash, xavfsizlik va hisob-kitob uchun akkauntingiz ma'lumotlarini ko'rishi va zarur bo'lsa sizning nomingizdan panelga kirishi mumkin; administratorlar amallari jurnalga yoziladi.

8Saqlash joyi va transchegaraviy uzatish

Ma'lumotlar bazasi va asosiy serverlar Rossiya Federatsiyasi hududida joylashgan. Ayrim so'rovlar boshqa davlatlardagi oraliq serverlar orqali o'tadi (jumladan Finlyandiya); AI va email provayderlari Xitoy Xalq Respublikasi va AQShda joylashgan.

Xizmatdan foydalanib, siz ma'lumotlaringizni shu davlatlarga transchegaraviy uzatishga rozilik berasiz. Saqlash joyini o'zgartirish huquqini saqlab qolamiz; o'zgarsa, ushbu siyosat yangilanadi.

9Saqlash muddati

Ma'lumotlar xizmat ko'rsatish, qonuniy majburiyatlarni bajarish, nizolarni hal qilish va huquqlarimizni himoya qilish uchun zarur bo'lgan muddat davomida saqlanadi:

  • akkaunt va biznes ma'lumotlari — akkaunt mavjud bo'lgan davrda;
  • Uzum tokeni — uni o'chirguningizcha yoki Uzum uni rad etib, ogohlantirish muddati tugaguncha;
  • sessiyalar va AI ilovalar ulanishi — chiqish yoki bekor qilish bilan darhol to'xtatiladi;
  • xavfsizlik va audit jurnallari, moliyaviy yozuvlar (balans va to'lovlar tarixi) — akkaunt o'chirilgandan keyin ham, zarur muddat davomida;
  • zaxira nusxalar, agar olingan bo'lsa — ularning saqlash muddati tugaguncha.

Akkaunt o'chirilganda ma'lumotlar oqilona muddatda o'chiriladi yoki anonimlashtiriladi. Qonun, xavfsizlik, moliyaviy hisob va nizolar uchun zarur yozuvlar, zaxira nusxalar, boshqa foydalanuvchi ham egalik qiladigan do'konning umumiy ma'lumotlari va anonim statistika saqlanib qolishi mumkin.

10Sizning huquqlaringiz

Qonunda belgilangan tartibda siz ma'lumotlaringiz qayta ishlanishi haqida bilish, ularni tuzatish, bloklash yoki o'chirishni so'rash va rozilikni qaytarib olish huquqiga egasiz. Ism, telefon va parolni Sozlamalarda o'zingiz o'zgartirasiz, Uzum tokeni va AI ilovalar ulanishini o'zingiz o'chirasiz; akkauntni o'chirish uchun bizga yozing.

So'rovni sahifa oxiridagi email manziliga ro'yxatdan o'tgan telefon raqamingizni ko'rsatib yuboring. Akkaunt egasi ekaningizni tasdiqlashni so'raymiz; tasdiqlanmagan so'rov ko'rib chiqilmaydi. So'rovlar qonunda belgilangan muddatda ko'rib chiqiladi. Qonun saqlashni talab qilgan yoki huquqlarimizni himoya qilish uchun zarur bo'lgan ma'lumotlarni o'chirish rad etilishi mumkin.

11Xavfsizlik

Ma'lumotlarni himoya qilish uchun oqilona tashkiliy va texnik choralar ko'ramiz, jumladan: ulanishlar HTTPS orqali, parollar xesh ko'rinishida, Uzum tokenlari shifrlangan, sessiya JavaScript'ga ko'rinmaydigan cookie'larda, administratorlar kirishi cheklangan.

Hech bir tizim mutlaq himoyani kafolatlay olmaydi. Qonun ruxsat bergan darajada biz o'z aybimiz bo'lmagan ruxsatsiz kirish, uchinchi tomon servislaridagi buzilishlar, shuningdek qurilmangiz, parolingiz, SMS kodingiz yoki tokeningiz boshqalarga o'tishi oqibatlari uchun javob bermaymiz. Parol, kod va tokenlarni sir saqlash va ruxsatsiz kirishdan shubhalansangiz darhol bizga xabar berish — sizning majburiyatingiz.

12Cookie va brauzer xotirasi

Biz xizmat ishlashi uchun zarur cookie'lardan foydalanamiz: kirish va sessiyani yangilash tokenlari (JavaScript'ga ko'rinmaydigan, HTTPS orqali), administrator sessiyalari, SMS cheklovlari uchun qurilma identifikatori va xizmat holati belgilari.

Mavzu, til, menyu holati, panel sozlamalari va siz da'vo xati uchun kiritgan rekvizitlar brauzeringiz xotirasida (localStorage) saqlanishi mumkin. Umumiy kompyuterdan foydalansangiz, chiqqandan keyin brauzer ma'lumotlarini tozalang.

13Siz kiritadigan boshqa shaxslar ma'lumotlari

Agar siz xodimlar yoki boshqa shaxslar haqidagi ma'lumotlarni (masalan, ish haqi bo'limida ism va telefon) kiritsangiz, ularni qayta ishlash uchun qonuniy asosingiz yoki ularning roziligi borligini kafolatlaysiz. Bu ma'lumotlar uchun siz javobgarsiz, biz ularni faqat sizning topshirig'ingiz bo'yicha qayta ishlaymiz. Shu ma'lumotlar sababli bizga qo'yilgan talablar va yetkazilgan zarar uchun javobgarlik sizning zimmangizda.

14Javobgarlikni cheklash

Ma'lumotlarni qayta ishlash bilan bog'liq javobgarligimiz Foydalanish shartlaridagi cheklovlar bilan chegaralanadi. Uzum, AI provayderlari, SMS, email va infratuzilma provayderlari hamda siz ulagan AI ilovalar ishi, ulardagi uzilishlar, ma'lumot sizib chiqishi yoki ular bergan noto'g'ri ma'lumot uchun javob bermaymiz.

15Yosh chegarasi

Zoomix tadbirkorlik faoliyati uchun mo'ljallangan va 18 yoshga to'lgan shaxslar uchun. Biz 18 yoshga to'lmaganlarning ma'lumotlarini ataylab to'plamaymiz; bunday holat aniqlansa, akkaunt ogohlantirishsiz yopilishi mumkin.

16Siyosatga o'zgartirishlar

Operator ushbu siyosatni istalgan vaqtda bir tomonlama o'zgartirish huquqiga ega. Yangi tahrir shu sahifada e'lon qilingan paytdan kuchga kiradi, agar unda boshqa sana ko'rsatilmagan bo'lsa.

Yangi tahrir kuchga kirgandan keyin xizmatdan foydalanishni davom ettirish uni qabul qilganingizni bildiradi. Rozi bo'lmasangiz, xizmatdan foydalanishni to'xtating va akkauntni o'chirishni so'rang.

Operator: Zoomix jamoasi

Murojaat uchun: help@zoomix.uz

  • Telegram kanal
  • Instagram

Matnlar o'rtasida farq bo'lsa, o'zbek tilidagi matn ustun turadi.

Yuqoriga
Bosh sahifaMaxfiylik siyosatiFoydalanish shartlari
© 2026 Zoomix